O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 45 foizga oshdi

O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 45 foizga oshdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning Qatar amiri bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Davlat rahbari Doha shahriga amalga oshirilgan tashrif davomida Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashdi.
Tomonlar O‘zbekiston – Qatar o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Mirziyoyev Qatar tomonini Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitini muvaffaqiyatli o‘tkazgani bilan tabrikladi.




Muloqot davomida qo‘shma loyihalar faollashgani, tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 45 foizga oshgani qayd etildi. Hozirda qatarlik yirik kompaniyalar O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda.
Shuningdek, uchrashuvda «yashil» energetika, transport, geologiya, turizm, infratuzilma va to‘qimachilik yo‘nalishlarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuv davomida xalqaro va mintaqaviy dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Avvalroq Qatar mezbonlik qiladigan 17 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etish uchun O‘zbekiston U-17 terma jamoasi yakuniy tarkibni e’lon qilingandi. Tarkibdan 21 futbolchi o‘rin olgan. Vakillarimiz musobaqadagi ishtirokini 5-noyabr kuni Paragvayga qarshi o‘yin bilan boshlaydi.