Mirziyoyev global ijtimoiy adolat fondi va migrantlarni qo‘llab-quvvatlash dasturini yaratishni taklif qildi

eʼlon qilindi
Davlat rahbari Dohada kambag‘allikka qarshi kurash, ta’lim va iqlim tashabbuslarini ham ilgari surdi
Shavkat Mirziyoyev Dohadagi sammitda qanday tashabbuslarni ilgari surdi
Shavkat Mirziyoyev Dohadagi sammitda qanday tashabbuslarni ilgari surdi / Foto: prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatarning Doha shahrida bo‘lib o‘tgan ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon sammitida ishtirok etdi. Davlat rahbari matbuot xizmati prezident nutqini e’lon qildi.

Mirziyoyev sammitda O‘zbekistonning ijtimoiy rivojlanish sohasidagi strategik maqsadlari hamda xalqaro hamkorlik bo‘yicha quyidagi takliflarini taqdim etdi:

  • Kambag‘allikka qarshi kurash: prezident xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va kambag‘allikni qisqartirishga amaliy yordam beradigan Global ijtimoiy adolat fondini yaratishni taklif qildi.
  • Bandlik va ish o‘rinlari: yuqori texnologiyalar va sun’iy intellektning rivojlanishi natijasida millionlab ish o‘rinlari yo‘qolmoqda. Prezident hukumatlar va biznesni xodimlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy mas’uliyatni oshirishga chaqirdi.
  • Ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish: savodsizlikning yillik iqtisodiy zarari $1,4 trillionga teng. Davlat rahbari Ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash bo‘yicha Global alyansning qarorlarini to‘liq ma’qullashini va uning kelgusi sammitlaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.
  • Mehnat migrantlarini himoya qilish: hozir dunyoda 300 milliondan ortiq migrant ishlamoqda. Ularning huquqlarini himoya qilish va ularni tizimli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xalqaro forumlar va global dastur tashkil etishni taklif qildi.
  • Iqlim o‘zgarishining ijtimoiy ta’siri: prezident iqlim o‘zgarishiga qarshi choralarni bandlik dasturlari bilan uyg‘unlashtirishni muhim deb bildi va Orolbo‘yi mintaqasida yangi ijtimoiy-iqtisodiy modelni yaratishni taklif qildi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston sammit doirasida qabul qilinayotgan Doha siyosiy deklaratsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Avvalroq davlat rahbari Doha shahriga amalga oshirilgan tashrif davomida Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashgani xabar qilingandi. Tomonlar O‘zbekiston – Qatar o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek