Zohran Mamdani Nyu-Yorkning birinchi musulmon meri bo‘ldi

Nyu-Yorkda o‘tgan saylovlarda 33 yoshli Zohran Mamdani shahar meri etib saylandi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
U bu lavozimni egallagan eng yosh mer (1892-yildan beri), birinchi musulmon va Afrikada tug‘ilgan ilk shahar rahbari bo‘ladi.
Mamdani saylovga o‘tgan yili katta mablag‘siz, tanilmagan nomzod sifatida kirgan edi. Shunga qaramay, u sobiq gubernator Endryu Kuomo va respublikachi nomzod Kurtis Silvani mag‘lub etdi. Bu natija ko‘plab demokratlar uchun tarixiy burilish sifatida baholanmoqda.
U yosh, ijtimoiy tarmoqlarda faol va so‘l qanot g‘oyalarning faol tarafdori. Uning dasturida bepul bolalar parvarishi, keng jamoat transporti va davlatning bozor jarayonlariga aralashuvi kabi tashabbuslar bor. Shu bilan birga, u ishchi sinf manfaatlarini himoya qilib, iqtisodiy tengsizlik masalalariga e’tibor qaratgan.
Mamdani o‘zini demokratik sotsialist deb ataydi. Tanqidchilar esa bunday nomzodlar AQShning ko‘p hududlarida saylovda g‘alaba qozona olmasligini ta’kidlab kelgan. Biroq Nyu-Yorkda u demokratik tizimdagi eski elitaga qarshi chiqib, xalq ishonchini qozondi.
Nyu-York gubernatori Keti Xochul allaqachon uning soliq siyosatini qo‘llamasligini bildirgan. Mamdani esa o‘zining tanqidlariga qaramay, shahar biznes doiralari bilan ham murosaga kelishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, u Isroilning G‘azo urushi paytidagi harakatlarini keskin tanqid qilgan va hatto Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Nyu-Yorkka kelsa, urush jinoyatchisi sifatida hibsga olinadi degan bayonot bergan edi. Bu va’da uning merlik faoliyatida diplomatik bahslarga sabab bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan dunyodagi eng badavlat odamlari yashaydigan TOP – 10 shahar nomi ma’lum qilingani haqida yozgan edi.