Chirchiq shahrida «Aqlli shahar» tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi

Chirchiq shahar hokimligi hududda «Aqlli shahar» loyihasi joriy etilishini ma’lum qildi. Ushbu tizim sun’iy intellekt texnologiyalari asosida shahar boshqaruvini takomillashtirish, xizmatlar sifatini oshirish va kommunal muammolarni tezkor hal etishga xizmat qiladi.
Shu maqsadda shahar hokimi Murodjon Abdurahimov va uning o‘rinbosari Urganchga borib, u yerda amalga oshirilgan «Aqlli shahar» loyihasi bilan tanishdi. Ular tajriba almashib, ilg‘or texnologiyalarni Chirchiqqa tatbiq etish yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdi.




Loyiha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va 2026-yil yakuniga qadar to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Tizim 24/7 ishlaydi, aholi murojaatlarini real vaqt rejimida qabul qiladi, muammolarni aniqlaydi va tezkor bartaraf etish imkonini beradi. Sun’iy intellekt shahar infratuzilmasidagi ehtimoliy nosozliklarning oldini olishga ham xizmat qiladi.
Avvalroq davlat rahbari sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga oid videoselektor yig‘ilishida hokimlarga yil yakunigacha o‘z hududlarida «Aqlli shahar» tizimini joriy etishni topshirgandi.