Mobiuz’ni sotib olish uchun final bosqichida 10 ta kompaniya raqobatlashadi

Mobiuz’ni sotib olish uchun final bosqichida 10 ta kompaniya raqobatlashadi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.
«Universal Mobile Systems» MChJ (Mobiuz)ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini sotish bo‘yicha xalqaro savdo jarayoni davom etmoqda. Jarayonni shaffof va samarali amalga oshirish uchun Rothschild & Co, KPMG va Deloitte kabi xalqaro kompaniyalar jalb qilingan.
Dastlabki bosqichda turli mintaqalardan 15 ta kompaniya qiziqish bildirgandi. Keyinchalik yana bir xorijiy kompaniya ham ariza topshirib, umumiy son 16 taga yetgan. Ularning barchasi NBO bosqichiga o‘tkazildi. Mazkur bosqichda ularga maxfiylik bitimlari asosida Jamiyat bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.
Agentlikka ko‘ra, 15-oktabrgacha 10 ta talabgor o‘zining majburiy bo‘lmagan narx takliflarini (NBO) taqdim etgan. Endi jarayon keyingi — BO bosqichiga o‘tadi. Bu bosqichda talabgorlar Mobiuz faoliyati bo‘yicha to‘liq tahliliy hisobotlar bilan tanishadi, kompaniyaga tashrif buyurishi mumkin va Term Sheet asosida keyingi shartlar bo‘yicha muzokara yuritadi.
Majburiyatga ega bo‘lgan yakuniy narx takliflari (BO) 2025-yil 19-dekabr kuni soat 23:59 gacha qabul qilinadi. Shu vaqtga qadar talabgorlar kamida bir foiz miqdorida kafolat to‘lovini to‘lashi kerak bo‘ladi.
Avvalroq Mobiuz’ni AQSh va Arab davlatlari xususiylashtirmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, shu yilning 1-avgustigacha AQSh, Yevropa, Arab davlatlari, Yaqin Sharq, Kavkazorti, Sharqiy va Markaziy Osiyodan jami 15 ta xorijiy va mahalliy kompaniya aktivni sotib olish bo‘yicha rasmiy ariza bilan chiqishgan.