Toshkent viloyatida besh kgga yaqin giyohvandlik vositasi musodara qilindi

Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida noqonuniy aylanmadagi qariyb 5 kilogramm giyohvandlik vositasi qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari IIB va Bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadbir chog‘ida Zangiota tumanidagi katta halqa yo‘li yaqinidagi yashirin joydan 10 dona o‘ramda saqlangan, umumiy og‘irligi 4 kilogramm 956 gramm bo‘lgan «opiy» moddasini ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olishgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalarining qonunga xilof muomalasi) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda ushbu moddalarning egalarini aniqlash choralari ko‘rilmoqda.
Taqidlanishicha, bu kabi giyohvandlik vositalari mamlakatga asosan xorijdan kontrabanda yo‘li bilan olib kiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda 30 mlrd so‘mlik qalbaki dori ishlab chiqarish sexi fosh etilgan edi.