O‘zbekistonda inflyatsion kutilmalar ketma-ket oltinchi oyda ham pasaydi

eʼlon qilindi
O‘rtacha prognoz 11,7 foizni tashkil etdi
INI
O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 8,7% gacha pasaydi / Foto: Depositphotos

O‘zbekistonliklarning narxlar oshishiga bo‘lgan kutilmalari ketma-ket olti oydan buyon pasaymoqda. Bu haqda Markaziy bank o‘tkazgan so‘rov natijalarida ma’lum bo‘ldi.

Unga ko‘ra, oktabr oyida inflyatsiya bo‘yicha o‘rtacha prognoz 11,7 foizni tashkil etdi. Bu sentabrga nisbatan 0,3 punktga kam va so‘nggi yillardagi eng past ko‘rsatkichdir. Median daraja esa o‘zgarishsiz 10,3 foizda qoldi.

Hududlar kesimida Toshkent shahri 14,5 foiz bilan inflyatsion kutilmalar bo‘yicha birinchi o‘rinda. Undan keyin Toshkent (12,6%) va Qashqadaryo (12,2%) viloyatlari qayd etilgan. Eng past prognozlar esa Farg‘ona (10,4%), Andijon (10,5%) va Namangan (10,6%) viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Shu bilan birga, kasbiy yo‘nalishlar bo‘yicha eng yuqori inflyatsion kutilmalar maishiy xizmatlar (13,4%), savdo (12,6%) va turizm (12,4%) sohalarida kuzatildi. Eng optimistik fikrlar esa pensionerlar (10%), tibbiyot xodimlari (10,1%) va talabalar (10,9%) orasida qayd etildi.

Daromad darajasi yuqori bo‘lgan fuqarolar inflyatsiya o‘sishini ham balandroq baholagan. Oylik daromadi 20 – 30 mln so‘m bo‘lganlar inflyatsiyani 19%, 15 – 20 mln so‘m oralig‘idagi qatlam esa 13,6% deb kutmoqda. 4 mln so‘mdan kam daromad oluvchilar esa 10,6% darajadagi inflyatsiyani taxmin qilmoqda.

Inflyatsion kutikmalarga eng katta ta’sir ko‘rsatayotgan omillar sifatida kommunal xizmatlar tariflarining oshishi (46%), energiya resurslarining qimmatlashuvi (42%), oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘sishi (27%), ish haqi oshishi (26%) va transport xarajatlarining ko‘payishi (25%) qayd etilgan.

Biznes vakillarining inflyatsion kutilmalari

Shuningdek, biznes vakillarining prognozlari ham pasayishda davom etmoqda. O‘rtacha inflyatsiya kutilmasi 11,1% (−0,6 punkt), median daraja esa 10% (−0,4 punkt) bo‘ldi.

Eng yuqori inflyatsion kutilmalar Xorazm (12,8%), Toshkent shahri (12,6%) va Toshkent viloyati (12,2%) tadbirkorlari orasida kuzatildi. Eng past daraja esa Namangan, Jizzax (10,1%) va Andijon (10,2%) viloyatlarida qayd etilgan.

Faoliyat yo‘nalishlari kesimida madaniyat (13%), ovqatlanish (12,4%) va qurilish (11,9%) sohalari eng yuqori inflyatsion kutilmalarga ega bo‘ldi. Eng past prognozlar esa qishloq xo‘jaligi (9,5%), hunarmandchilik (10,2%) va sog‘liqni saqlash (10,3%) tarmoqlarida kuzatilgan.

Aholi singari biznes vakillarining kutilmalariga ham eng katta ta’sir kommunal tariflar (47%) va energiya xarajatlarining oshishi (45%) orqali bo‘lmoqda. Transport xarajatlari (33%) va xomashyo narxlarining o‘sishi (28%) ham muhim omillar sifatida ko‘rsatildi. Valyuta kursi o‘zgarishi (21%) esa bu ro‘yxatda soliq yuklamasi (23%)dan keyingi o‘rinda turadi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 7,8 foizgacha pasaygani haqida yozgandi.

Shuningdek