Air Astana 15 ta Dreamliner samolyotini xarid qiladi

Qozog‘istonning Air Astana aviakompaniyasi va Boeing kompaniyasi o‘rtasida 15 ta Boeing 787-9 Dreamliner samolyotini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Shartnomaning umumiy qiymati $7 mlrdni tashkil etadi. Ushbu kelishuv Qozog‘iston prezidentining AQShga rasmiy tashrifi doirasida imzolandi. Bitimga ko‘ra, yangi samolyotlar avval buyurtma qilingan uchta Dreamlinerni to‘ldiradi. Yangi samolyotlar Air Astanaga xalqaro yo‘nalishlar geografiyasini kengaytirish, jumladan, AQShga bevosita reyslarni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
Shuningdek, SCAT aviakompaniyasi ham Boeing bilan hamkorlikni davom ettirib, 2035-yilgacha 15 ta Boeing 737 samolyoti xarid qilishni rejalashtirmoqda.
Shu bilan birga, «Kazaeronavigatsiya» kompaniyasi AQShning Leidos firmasi bilan aeronavigatsiya tizimini Skyline-X darajasigacha yangilash ustida ishlamoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozog‘istonda biznesni rivojlantirish uchun sun’iy intellekt tizimi joriy etilishi haqida xabar bergan edi.