Filippindagi «Kalmaegi» to‘foni qurbonlari soni 200 nafarga yaqinlashdi

«Kalmaegi» to‘foni Filippinda 188, Vyetnamda esa kamida 5 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Kuchli shamol va jala yomg‘ir Vyetnamning qirg‘oqbo‘yi hududlariga katta zarar yetkazdi. To‘fon payshanba kuni kechqurun markaziy viloyatlarga kirib kelgan.

Shamol daraxtlarni ildizi bilan sug‘urib tashladi, minglab uylarga zarar yetkazdi va elektr ta’minotini uzdi. Rasmiylarga ko‘ra, 1,3 mlnga yaqin aholi chiroqsiz qolgan, 2,8 mingdan ortiq uylar vayron bo‘lgan.
Gia Lay viloyatida qisqichbaqa fermasi egasi Nguyen Dinh Sa to‘lqin va shamol sabab 1 mlrd dong (taxminan $38 ming) miqdoridagi zarar ko‘rganini aytgan. To‘lqin balandligi yetti metrgacha yetgani qayd etilgan.

Vyetnam hukumati 268 mingdan ortiq harbiyni qutqaruv ishlariga safarbar etgan. Markaziy tog‘li hududlarda toshqin va ko‘chki xavfi yuqori ekani, ayniqsa qahva yetishtiriladigan yerlarga zarar yetishi mumkinligi ogohlantirilgan.
Filippinda prezident Ferdinand Markos Jr. jabrlanganlarga yordam tarqatib, hukumat qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Mutaxassislar global isish tufayli «Kalmaegi» kabi bo‘ronlar tobora kuchayib borayotganini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQShda yuk samolyoti halokatga uchragani haqida yozgan edik.