Pochta jo‘natmalari «qizil», «sariq» va «yashil» yo‘laklar orqali bojxonadan o‘tkaziladi

Hukumat qarori bilan «Xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Nizomga ko‘ra, pochta va kuryerlik orqali yuboriladigan yoki olib kiriladigan barcha tovarlar bojxona nazoratidan o‘tkaziladi. Buning uchun pochta operatorlari va ekspress tashuvchilar jo‘natmalarni bojxona organlariga taqdim etadi.
Jo‘natmalar bojxona shartlariga rioya qilingan holda manzil bojxona postiga yetkaziladi. Tashish, yuklash, tushirish va saqlash bilan bog‘liq xarajatlar pochta operatori yoki tashuvchi tomonidan qoplanadi.
Bojxona organlari xavfni boshqarish tizimi asosida jo‘natmalarni «qizil», «sariq» va «yashil» yo‘laklar orqali rasmiylashtiradi. Bu tartib xavfsizlik va tezkorlikni ta’minlashga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat budjeti hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi belgilangan edi.