Tojikistonda Didal muzligi tog‘ yonbag‘ridan besh km.gacha siljidi

Tojikobod tumanidagi Didal muzligining katta qismi ajralib tushib, tog‘ yonbag‘ridan pastga besh kilometrcha siljidi. Bu haqda Tojikiston Gidrometeorologiya agentligining Gliyatsiya markazi ma’lum qildi.
Ajralgan muz bo‘lagi uzunligi 1,3-1,5 km, eni 170 – 200 metr, balandligi 25 – 50 metrni tashkil qiladi. Mutaxassislar sun’iy yo‘ldosh suratlari orqali vaziyatni o‘rganib, muzlikning hanuz beqaror ekanini aniqlagan. So‘nggi uch kunda u yana 72 metr siljigan.
Olimlar buni yoz va kuz oylarida havoning haddan tashqari yuqori harorati bilan izohlashmoqda.
Mutaxassislar ogohlantirishicha, bu beqarorlik tog‘larda tabiiy ofatlar, masalan, ko‘chkilar yoki sel xavfini oshiradi, shuning uchun vaziyat doimiy kuzatilmoqda.
Ma’lumot uchun, Tojikiston hududining 93 foizi tog‘lar bilan qoplangan. Mamlakatda 14 mingga yaqin muzlik mavjud bo‘lib, ular Markaziy Osiyodagi suv manbalarining qariyb 60 foizini tashkil qiladi. Shu jumladan, 1300 tasi allaqachon erib ketgan, qolganlari esa tezroq erib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistonda sodir bo‘lgan zilzila O‘zbekiston hududida ham sezilgan edi.