Oʻzbekiston JSTga a’zolik boʻyicha Ekvador bilan muzokaralarni yakunladi

Oʻzbekiston Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo boʻlish jarayonida Ekvador bilan olib borilgan ikki tomonlama muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunladi. Bu haqda prezidentning JST masalalari boʻyicha maxsus vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.
Urunov Ekvador tomoniga samarali muloqot va koʻrsatilgan qoʻllab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston JSTga a’zolik jarayonini izchil davom ettirayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, endi tashkilotga qoʻshilish boʻyicha yana ikki davlat bilan muzokaralarni yakunlash qolgan.
6-noyabr kuni Oʻzbekiston Kanada va Panama bilan JSTga a’zolik boʻyicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlab, protokollarni imzoladi. Sentabrda Argentina, Avstraliya va Gonduras bilan, oktabr oyida esa Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralar toʻliq tugatilgan edi.
Ma’lumot uchun, Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilish jarayoni 1994-yilda boshlangan boʻlib, 2020-yildan boshlab muzokaralar jadallashdi. Mamlakat 2026-yilgacha tashkilotga toʻliq a’zo boʻlishni maqsad qilgan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston va Shveysariya JST bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagani haqida xabar bergan edi.