UzAuto Motors bir yil ichida uchinchi marta dividend toʻlashi mumkin

«UzAuto Motors» AJ kuzatuv kengashi aksiyadorlarga har bir aksiya uchun 4 642 soʻm dividend ajratishni tavsiya qildi. Bu kompaniya aksiyalarining bozor qiymatiga nisbatan 8,7 foiz daromadni anglatadi (53,5 ming so‘m). 2025-yilning toʻqqiz oyi yakunlari boʻyicha foydani taqsimlash masalasi 24-noyabr kuni boʻlib oʻtadigan navbatdan tashqari umumiy yigʻilishda muhokama qilinadi.
Aksiyadorlar reyestriga kirish uchun aksiyalarni sotib olishning soʻnggi muddati — 14-noyabr (T+2 tizimiga muvofiq). Tavsiya maʼqullansa, kompaniya ommaviy maqomga ega boʻlganidan buyon ilk bor bir yil ichida uchinchi marta dividend toʻlaydi.
Notekis dividend siyosati
2023-yildagi IPO’dan keyin kompaniya dividend siyosatida notekislik kuzatilmoqda. Joylashtirishdan so‘ng, 2022-yil yakunlari bo‘yicha aksiyadorlar har bir aksiya uchun 3 538 so‘m, ya’ni taxminan 5 foiz daromad olgan.
2024-yilda UzAuto Motors ikki marta dividend to‘ladi:
2025-yil boshida kompaniya yana 975 so‘m dividend ajratdi, iyul oyida esa atigi 522 so‘m to‘ladi. Bu taxminan 2 foizlik daromadga teng bo‘ldi. Shu bilan birga, foydaning katta qismi taqsimlanmagan holda qolgan.
Agar aksiyadorlar yangi tavsiyani ma’qullasa, 2025-yilning to‘qqiz oyi uchun mo‘ljallangan to‘lov IPO’dan keyingi davr ichida eng yirik dividend bo‘ladi.
Aksiyalar narxi IPO darajasidan past
2025-yilda kutilayotgan saxiy dividend to‘lovlariga qaramay, kompaniya aksiyalari hanuz IPO darajasiga yetmagan. 7-noyabr holatiga ko‘ra, bir aksiya 53,5 ming so‘mdan savdo qilingan, birlamchi joylashtirish paytidagi narx esa 72,5 ming so‘m bo‘lgan.