AQShda tarixdagi eng uzoq shatdaun yakuniga yetmoqda

AQSh senatorlari ikki partiyaviy kelishuvga erishib, mamlakat tarixidagi eng uzoq shatdaun, ya’ni hukumat faoliyatining to‘xtashini tugatish yo‘lida muhim qadam tashladi. Hukumat ishi 40 kun davomida qisman to‘xtab turgan edi.
Bunga sabab Kongress davlat xizmatlarini moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvga erisha olmagani bo‘lgan. Avvalgi rekord 35 kun bo‘lib, u Donald Tramp prezidentlik qilgan 2019-yilda kuzatilgan.
«Ko‘rinishidan biz shatdaun tugashiga juda yaqinmiz. Buni tez orada bilasizlar», – dedi AQSh prezidenti Donald Tramp.
Kelishuv endi Senatda ko‘rib chiqiladi, so‘ngra respublikachilar nazoratidagi Vakillar palatasi tomonidan ma’qullanishi va Tramp tomonidan imzolanishi kerak. Bu jarayon bir necha kunni olishi mumkin.
Nima sababdan hukumat to‘xtab qoldi
Kongressdagi demokratlar Medicaid tibbiy dasturini qisqartirishga qarshi chiqdi. Shuningdek, sog‘liqni sug‘urtalash bo‘yicha soliq imtiyozlarini uzaytirishni talab qildi. Respublikachilar esa bu masalada yon bermadi.
Natijada Senatdagi respublikachilar yetakchisi Jon Tyun demokratlarga tibbiy subsidiyalarni uzaytirish bo‘yicha ovoz berishni va’da qildi. Kelishuv federal xizmatchilarni ishga qaytarish va shatdaun davrida to‘lanmagan maoshlarini kompensatsiya qilishni ham o‘z ichiga oladi.
1-oktabrdan buyon 1,5 milliondan ortiq davlat xizmatchisi va harbiylar to‘lovsiz ta’tilga chiqarilgan yoki maosh olmasdan ishlagan.
Shatdaun nima
Shatdaun — bu davlat idoralari faoliyatining vaqtincha to‘xtashini anglatuvchi atama. Muhim xizmatlar, jumladan, aviadispetcherlar, ishni davom ettiradi, ammo vaqtincha haq olmaydi. Odatda hukumat qayta ish boshlagach, xodimlarga kechiktirilgan maosh to‘lanadi.
Shatdaun oqibatlari
Hukumat moliyalashtiruvi to‘xtagani sababli ijtimoiy yordam dasturlari qisqardi. Kam ta’minlangan aholiga oziq-ovqat yordami kamaydi.
Shuningdek, 1400 dan ortiq parvozlar bekor qilindi. Aviakompaniyalarga vaqtincha reyslar sonini qisqartirish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQShda hukumat ishining to‘xtashi sabab 700 ga yaqin aviareyslar bekor qilingani haqida yozgandi.