
9-noyabr kuni Ispaniya La Ligasida 12-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Unda «Barselona» «Selta» mehmoni bo‘lib, ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Maydon egalarining keskin qarshi hujumlari kataloniyaliklar himoyasini sarosimasiga solgan bo‘lsa-da, Robert Levandovskiyning xet-trigi va Lamin Yamalning gollari evaziga «Barselona» o‘yin taqdirini hal qildi.
«Real Madrid» esa safarda «Rayo» bilan kuch sinashdi. Ko‘plab urinishlarga qaramay, Xabi Alonso shogirdlari mezbonlar darvozasini ishg‘ol qila olmadi. O‘yin 0:0 hisobida yakuniga yetdi. Natijada chempionlik poygasida «Barselona» azaliy raqibiga yaqinlashib oldi.
12-turga kelib, «Qirollik klubi» 31 ochko bilan karvonboshilik qilmoqda. Kataloniya grandi esa 28 ochko bilan «Real Madrid»ni ta’qib qilishni davom ettirmoqda. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni «Vilyarreal» va «Atletiko» egallab turishmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan El-Klasikoda «Real Madrid» «Barselona»dan ustun kelgani haqida xabar bergan edi.