O‘zbekiston Nvidia bilan 3 mln dollarlik sun’iy intellekt markazini ishga tushiradi

O‘zbekiston Amerika kompaniyasi Nvidia bilan birgalikda sun’iy intellekt (SI) va raqamli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshiradi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
Vazir Sherzod Shermatov o‘tgan hafta oxirida Nvidia rahbariyati bilan uchrashib, sun’iy intellekt strategiyasini rivojlantirish, ilmiy va ta’limiy loyihalar, shuningdek, texnologik infratuzilmani mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.
Hamkorlik doirasida umumiy quvvati 1 megavatt bo‘lgan ikki hisoblash klasteri xarid qilinadi. Ulardan biri ta’lim va ilmiy tadqiqotlar uchun, ikkinchisi esa raqamli hukumat, tibbiyot, bank sohasi va sanoatdagi SI loyihalari uchun ishlatiladi. Yakuniy kelishuvlar 2026-yilda imzolanishi kutilmoqda.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, shartnomalarni rasmiylashtirish muddati uskunaning yetkazib berilishiga va AQSh hukumati bilan eksport nazoratini kelishish jarayonlariga bog‘liq bo‘ladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Nvidia texnologiyalaridan foydalangan holda $3 millionlik AI Center of Excellence markazini tashkil etadi. Markazda sun’iy intellekt bo‘yicha o‘qituvchilarni tayyorlash, malaka oshirish kurslarini yo‘lga qo‘yish va yangi ta’lim dasturlarini yaratish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, hukumat Nvidia bilan birgalikda yetakchi O‘zbekiston oliygohlarida superkompyuter infratuzilmasini yaratmoqchi. Uskunalarni xarid qilish bo‘yicha bitim shu yil yakunigacha imzolanishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Freedom Holding Qozogʻistonda 2 mlrd dollarlik sun’iy intellekt markazini tashkil qilishi haqida yozgandi.