Yangi Zelandiyada «Uzuklar hukmdori» suratga olingan bog‘da yong‘in chiqdi

Yangi Zelandiyada mashhur «Uzuklar hukmdori» filmlari suratga olingan Tongariro milliy bog‘ida yirik yong‘in chiqdi. Bu haqda Kreyg Gold o‘t o‘chirish xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yong‘in 2,5 ming gektardan ortiq maydonga yoyilgan. Hozirda maydonning faqat 20 foizi nazoratga olingan. Tunda xavfsizlik sababli yong‘inni o‘chirish ishlari to‘xtatildi, aholining evakuatsiyasi esa kunduz kuni amalga oshirilmoqda.
«Biz ehtiyotkorlik bilan harakat qilyapmiz. Odamlarni oldindan ogohlantiramiz va yorug‘likda evakuatsiya qilamiz, shunda hamma xavfsiz bo‘ladi», – deyiladi xabarda.
Hodisaga qarshi 15 ta vertolyot va 5 ta samolyot jalb etilgan. Yong‘in xavfi tufayli Ruapehu vulqoni etagidagi Vakapapa qishlog‘i aholisi vaqtincha ko‘chirilmoqda.
Ma’lumot uchun, Tongariro milliy bog‘i Yangi Zelandiyaning eng mashhur tabiiy maskanlaridan biri bo‘lib, YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangi zelandiyalik erkak eng uzun ism egasi sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgani haqida xabar bergan edi.