Eronda keskin suv tanqisligi yuzaga keldi

Eron poytaxti Tehronda suv tanqisligi inqiroz darajasiga yetdi. Prezident Mas’ud Pezeshkiyon suv omborlarining sathi so‘nggi 60 yilda eng past darajaga tushganini ma’lum qildi. Bu haqda Euronews xabar bermoqda.
Shaharda kechalari suv ta’minoti vaqtincha to‘xtatila boshladi, ayrim tumanlarda bu cheklovlar allaqachon joriy etilgan. Eron prezidenti vaziyatni favqulodda jiddiy deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron aholisi olti yildan beri davom etayotgan qurg‘oqchilik oqibatlarini har yili yanada og‘irroq his qilmoqda.
Ba’zi suv omborlarida zaxira 10 foizdan ham kam qolgan, bu esa nafaqat ichimlik suvini, balki gidroelektrostansiyalar faoliyatini ham izdan chiqarmoqda. Shahid Abbospur nomidagi Suv va energetika universiteti bo‘lim boshlig‘i Ali Moridi Eronning suv inqirozini faqat iqlim bilan bog‘lamaslik kerakligini aytadi.
«Bu holat yillar davomida olimlar, sanoatchilar va davlat idoralari o‘rtasida hamkorlik yo‘qligi natijasi. Ilmiy ogohlantirishlarga e’tibor berilmagani bizni shu inqirozga olib keldi »,— deydi u.
Mutaxassislar ogohlantirishicha, agar yomg‘irlar yil oxirigacha yog‘masa, Eronning markaziy qismi, jumladan, Tehron yashash uchun yaroqsiz holga kelishi mumkin. Ayrim hududlarda yerosti suvlarining kamayishi va tuproq sho‘rlanishi sabab qishloq aholisi shaharlarga ko‘chib ketmoqda. Bu esa tartibsiz urbanizatsiya va ijtimoiy muammolarning keskinlashishiga sabab bo‘lmoqda.
Eron suv resurslarining 80 foizdan ortig‘i hanuzgacha qishloq xo‘jaligiga sarflanadi. Natijada suv tanqisligi eng avvalo dehqonlar hayotiga zarba bermoqda. Markaziy viloyatlardagi ko‘plab suv omborlari shu darajada qurib ketganki, ularni endi ishlatishning imkoni qolmagan.
Energetika vaziri Abbos Ali Obodiy aholiga suvni vannalarda zaxira qilib qo‘yishni tavsiya etgan. Prezident Pezeshkiyon esa agar vaziyat o‘zgarmasa, poytaxt aholisi vaqtincha ko‘chirilishi mumkinligini istisno qilmayapti. Ammo bu reja qanday amalga oshirilishi hozircha noma’lum.
Eron Suv xo‘jaligi federatsiyasi rahbari Rizo Hoji Karimning fikricha, bu inqirozning ildizi uzoq yillar davomida iqlim o‘zgarishi va yerosti suvlarining kamayishi haqidagi ilmiy ogohlantirishlarga beparvolikda.
«Biz suvni tugamaydigan resurs deb bildik, ammo endi haqiqat bizni majburlayapti,» — deydi u.
Avvalroq Kursiv Uzbeksitan Eron AQShdan sanksiyalarni bekor qilishni so‘rayotgani haqida xabar bergan edi.