Toshkentda chiqindi to‘lovini kechiktirgan olti ming abonentning elektr to‘loviga cheklov qo‘yildi

eʼlon qilindi
Har oyning 3-sanasiga qadar qarzdor abonentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar hududiy elektr tarmoqlarining billing tizimiga uzatiladi
maishiy chiqindi
Toshkentda chiqindi to‘lovini kechiktirgan olti ming abonentning elektr to‘loviga vaqtincha cheklov qo‘yildi / Foto: Chiqindilarni boshqarish agentligi

Toshkentda chiqindi to‘lovini kechiktirgan olti ming abonentning elektr to‘loviga vaqtincha cheklov qo‘yildi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish agentligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, har oyning 3-sanasiga qadar qarzdor abonentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar «Toza makon» elektron tizimidan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning billing tizimiga uzatiladi.

5-noyabr kuni Toshkent shahrida chiqindi xizmatlari bo‘yicha 2,2 mlrd so‘m qarzdorlik aniqlanib, 25 mingdan ortiq abonentlarga SMS orqali ogohlantirish yuborildi. Belgilangan besh kun ichida qarzini to‘lamagan olti ming abonentning elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati vaqtincha cheklab qo‘yildi.

Agentlikka ko‘ra, ayni paytda poytaxtda chiqindi xizmatlari bo‘yicha 582 mln so‘mdan ortiq qarzdorlik mavjud. Qarz to‘liq to‘langach, cheklov darhol bekor qilinadi.

Mazkur tartib 2025-yil 1-iyulidan boshlab chiqindi xizmatlaridan shakllangan qarzlarga nisbatan qo‘llanilmoqda. Dekabr oyidan boshlab esa Toshkentdagi ushbu tartib respublikaning barcha hududlarida joriy etiladi.

Avvalroq 2026-yildan boshlab chiqindi to‘lovlari faqat onlayn amalga oshirilishi xabar qilingandi. Bu chora aholiga qulay to‘lov tizimini yaratish, billing hisoblarini shaffof yuritish va korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida joriy qilinmoqda. Internetga ulanmagan hududlarda esa to‘lovlar tijorat banklari kassalari yoki «O‘zbekiston pochtasi» orqali amalga oshirilishi mumkin.

Shuningdek