Parlament vazirlarga «yashil iqtisodiyot» bo‘yicha so‘rov yubordi

eʼlon qilindi
Energetika sohasidagi islohotlar natijasida mamlakatdagi issiqxona gazlari chiqarilishi 6,3 mln tonnaga kamaydi
Parlament vazirlarga «yashil iqtisodiyot» bo‘yicha so‘rov yubordi / Foto: Getty Images Russia

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari vazirlarga mamlakatning 2030-yilgacha «yashil iqtisodiyot»ga o‘tish strategiyasini qanday amalga oshirayotgani bo‘yicha batafsil ma’lumot olish maqsadida so‘rov yubordi. Bu haqda palata matbuot xizmati ma’lum qildi.

Majlisda qayd etilganidek, energetika sohasidagi islohotlar natijasida mamlakatdagi issiqxona gazlari chiqarilishi 6,3 mln tonnaga kamaydi. Shu qisqartirishning taxminan 500 ming tonnasi xalqaro uglerod bozorida sotilib, O‘zbekistonga 7,5 mln dollar miqdorida grant mablag‘lari jalb qilindi.

Shuningdek, 6,3 mln kVt/soat elektr energiyasi, 82 ming m³ dan ortiq suv va 1 050 tonnadan ortiq xomashyo tejaldi. 140 ta yirik sanoat va sement zavodlariga zamonaviy havoni va gazni tozalash filtrlari o‘rnatildi.

2024-yil bahor va kuz mavsumlarida korxonalar atrofida «yashil belbog‘»lar yaratilib, 11,8 mln daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Shuningdek, davlat o‘rmon fondining 7 000 gektar foydalanilmayotgan yerlaridan foydalanib, mamlakatda o‘rmon qoplamini oshirish ishlari amalga oshirildi.

Deputatlar, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha hal etilmagan masalalar – havoning ifloslanishi, chiqindilarni qayta ishlash, ekologik nazorat va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish masalalari tizimli yondashuvni talab qilishini ta’kidladi.

Endilikda vazirlar korxonalarning zararli moddalar chiqarishini baholash, chiqindilarni kamaytirish, «Yashil sertifikat» ekologik sertifikatlash, texnologik jarayonlarni ekologik markirovkalash va kichik biznesni yashil standartlarga o‘tkazish bo‘yicha tushuntirishlar berishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent hokimiga sobiq «Toshturma» hududidagi xiyobon qurilishi bo‘yicha so‘rov yuborilgan edi.

Shuningdek