O‘zbekiston va Eron o‘zaro savdo hajmini $2 milliardga yetkazmoqchi

Toshkentda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev hamda Eron sanoat, konlar va savdo vaziri Muhammad Atabak hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tehran Times nashri ma’lum qildi.
Muzokaralarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, metallurgiya, konchilik va transport sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Eron va O‘zbekiston o‘rtasida yangi bitimlar imzolanib, bojxona jarayonlarini soddalashtirish, transport aloqalarini yaxshilash hamda sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish rejalashtirilgan.
Hozirda O‘zbekistonda Eron kapitali ishtirokidagi 220 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Tomonlar yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini $2 mlrdga yetkazish va iqtisodiy sheriklikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va AQSh kosmik texnologiyalar sohasida hamkorlik qilishi haqida yozgan edik.