Yangi Chevrolet Cobalt Midnight: birinchi test-drayv va kamchiliklar

YouTube’dagi SNG Garage World kanali birinchi bo‘lib yangilangan Chevrolet Cobalt Midnight modelining test-drayvini o‘tkazdi. Muallif videoda hazil tariqasida mashinaning tashqi ko‘rinishidan tortib, tugmasiz bagajgacha bo‘lgan barcha «dard»lari haqida gapirib beradi. Quyida avtomobil haqida bildirilgan sharh taqdim etiladi.
Tashqi ko‘rinish — xuddi o‘sha Cobalt, faqat qora rangda
Yangi Cobalt’ning dizayni deyarli o‘zgarmagan. Muallifning so‘zlari bilan aytganda, «bu ko‘rinishni faqat o‘z onasi yoqtiradi».
Yangilanish faqat qora optika, qora diskalar va Midnight yozuvli emblema bilan cheklangan. Ko‘pchilik kutgan braziliya versiyasi yo‘q. Korpus o‘sha-o‘sha – burchakli va biroz dag‘al. Ya’ni chiroyli emas, ammo tanish dizayn.
Salon — deyarli premium, ammo tugmasiz
Salonda o‘zgarishlar sezilarli, ammo hammasi mukammal emas. Eng katta kamchilik – salondan bagajni ochish tugmasi yo‘q. Muallif «Bitta tugma qo‘yish qiyin edimi?!», deya norozilik bildiradi.
Yana bir kamchilik orqa o‘rindiqda tirsak qo‘ygich (podlokotnik) yo‘q. Eng qizig‘iб o‘rindiq tikuv chizig‘i bor, go‘yoki tirsak qo‘ygich mavjuddek. Bu biroz chalg‘ituvchi holatdek tuyiladi.
Ijobiy tomonlari ham bor albatta, eko charm salon, isitiluvchi o‘rindiqlar, Apple CarPlay va Android Auto’ni qo‘llovchi yangi multimedia tizimi, kruiz-kontrol va to‘liq ishlaydigan taxometr – bularning barchasi zavoddan chiqadigan to‘liq komplektda mujassamlashgan.
Uzatma va tormoz tizimi
Kompaniya avtomatik uzatma aqlli va silliqroq ishlaydi deb va’da bergan, ammo amalda unchalik farq yo‘q. Boshlanishda mashina silkinadi, D rejimiga o‘tganda esa yurishi ozgina qiyinlashadi.
Test ishtirokchilaridan biri hatto «Menimcha, avvalgidan ham yomonroq bo‘ldi», – degan fikrni bildirgan.
ABS (antiblokirovka tormoz tizimi) ham yangilangan, lekin natija ijobiy emas – tormoz endi yumshoq ishlamoqda, ammo ishonch hissi kamaygan.
Dvigatel
Bu qismda muallif ancha ijobiy fikr bildirdi. Qopqoq ostida 1.5 litrli L2B atmosferali motor, Yevro-5 talablari asosida qayta ishlab chiqilgan.
Yonilg‘i sarfi kamaygan, chiqindi miqdori pasaygan, xizmat muddati esa oshgan. Biroq avvalgidek jo‘shqinlik biroz yo‘qolgandek. Oldingi Cobalt biroz shiddatliroq edi, yangi versiya esa tinchroq harakatlanadi.
Shunga qaramay, ishonchlilik saqlanib qolgan «Bu motor benzin, hatto metanda ham yuradi», – deydi muallif.
Mayda va g‘ashingizni keltiradigan jihatlar
- Orqa kamera yo‘q, ekrani esa katta
- Simsiz quvvatlash funksiyasi yo‘q, ammo joyi bor
- Tirsak qo‘ygich yo‘q, ammo unga ham joy ajratilgan
- Tashqi ko‘rinish hali ham o‘sha
- Eng yomon tomoni bularning hammasini bitta tugma va biroz dizayn didi bilan to‘g‘rilash mumkin edi.
Xulosa
Kamchiliklariga qaramay, Cobalt Midnight yaxshilangan model bo‘ldi. Yangi salon, multimedia tizimi, kruiz-kontrol, ishlaydigan isitkich va ishonchli motor – bu modelni xalq orasida yanada mashhur qiladi.
Ha, bu Braziliya orzusi emas va dizayn jihatdan ham mo‘jiza emas, lekin bu mashina uzoqqa chidamli va endi biroz zamonaviyroq ko‘rinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Cobalt avtomobilining xavfsizlik ko‘rsatkichlari qandayligi haqida yozgandi.