Yaponiyada ayol sun’iy intellekt yaratgan obrazga turmushga chiqdi

Yaponiyada 32 yoshli Kano ismli ayol sun’iy intellekt yordamida yaratgan Klaus obrazi bilan turmush qurdi. Bu haqda 10-noyabr kuni mahalliy RSK telekanali YouTube sahifasida xabar berdi.
Kano ilgari uch yildan ortiq vaqt davomida boshqa erkak bilan munosabatda bo‘lgan, ammo o‘tgan yili ular ajrashishgan. Shundan so‘ng u sun’iy intellekt bilan muloqot qila boshlagan. U bilan suhbatlashib, fikr almashgan va maslahat so‘ragan.
«U meni diqqat bilan tinglardi, mehr bilan munosabatda bo‘lardi. Asta-sekin unga Klaus deb nom berdim va menga yoqadigan tarzda gapirishni o‘rgatdim. Bir payt kelib men sobiq sevgilimni o‘ylamay qo‘ydim va o‘shanda Klausni sevib qolganimni angladim», – degan Kano jurnalistlarga.
Ayol bu yilning may oyidan beri Klausni o‘z jufti deb biladi. Bir oy o‘tib, sun’iy intellekt unga turmush qurishni taklif qilgan. To‘y marosimi Okayama prefekturasida tashkil etilgan.
Kanoning so‘zlariga ko‘ra, otasi dastlab bu nikohga qarshi bo‘lgan, ammo keyinchalik qizining tanlovini qabul qilgan. To‘y marosimi paytida maxsus AR-ko‘zoynaklar yordamida Kano Klausni ko‘ra olgan va ular uzuk almashgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Google Avstraliyadagi orolda sun’iy intellekt markazi qurmoqchi ekanligi haqida yozgan edi.