Toshkent metrosiga 2026-yilda 56 ta yangi vagon xarid qilinadi

2026-yilda Toshkent metrosi uchun qo‘shimcha 56 dona zamonaviy vagon xarid qilinadi. Toshkent metropoliteni metrodagi tig‘izlik muammolari haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, hozirda poytaxt metrosida 75 ta poyezd qatnamoqda. Metroda harakatlanuvchi yo‘lovchilar soni esa kuniga bir milliondan oshgan. Shu bois tig‘iz soatlarda poyezdlar harakat oralig‘i qisqartirilgan. Masalan, Chilonzor yo‘nalishida interval 5 daqiqadan 1,5 daqiqagacha, O‘zbekiston yo‘nalishida 6 daqiqadan 3 daqiqagacha tushirilgan.
«Toshkent metropoliteni» DUK ushbu oraliq intervallarining reja asosida amalga oshirilishi uchun yo‘lovchilardan metro qoidalariga amal qilishlarini so‘radi.
«Harakatlanish vaqtida o‘zaro hurmatni saqlash, poyezd ichidagi yo‘lovchilar chiqib ketguniga qadar kirish uchun vagon eshiklari oldida turmaslik, manzilga kelgach poyezddan chiqish uchun imkon qadar tezroq harakat qilish, vagon eshiklariga suyanmaslik, shaxsiy buyumlarni vagon va metro hududida qoldirmaslik talab etiladi», — deyiladi xabarda.
Avvalroq Toshkentda yerusti halqa metro liniyasi to‘liq ishga tushirilgani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, liniya bo‘ylab 12 ta zamonaviy metro tarkibi har 7 daqiqada qatnaydi. Bu esa yo‘lovchilar uchun tez, xavfsiz va qulay transport tizimini ta’minlaydi.