
Sizning zamonaviy elektromobilingiz bor: salon qulay, tezlanish ideal va butun shaharda quvvatlash stansiyalari mavjud. Go‘yoki, mukammal texnologiya. Ammo test-drayv vaqtida sizga aytilmaydigan muhim narsa bor. Batareya bu avtomobilingizning yuragi va ayni paytda uning eng zaif joyi hisoblanadi. U ishdan chiqsa almashtirish narxi deyarli bitta ishlatilgan Gentra avtomobiliga teng bo‘ladi. SlashGear nashri jurnalisti Meri Braun elektromobil egalari orasida keng tarqalgan beshta xato va ularning yechimlari haqida yozdi.
Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:
- 100 foizlik zaryadlash zararmi yoki foydami?
- Quvvat iste’molida eng past chegara qanchalik to‘g‘ri?
- Issiq yoki sovuqda quvvatlasa bo‘ladimi?
- Arzon yoki shikastlangan kabeldan foydalanish qanchalik zararli?
- Dasturiy yangilanishlarni e’tiborsiz qoldirish qanday oqibatlarga olib keladi?
100 foizlik zaryadlash zararmi yoki foydami?

Ekranda to‘liq quvvatlash belgisini ko‘rish yoqimli tuyuladi, lekin sizning batareyangiz bu holatni «yoqtirmaydi». Doimiy ravishda 100 foizgacha zaryadlash batareya hujayralarining tezroq yemirilishiga sabab bo‘ladi. Ular ortiqcha kuchlanishdan charchaydi.
Eng maqbul zaryad oralig‘i — 20 foizdan 80 foizgacha. Bu chegaradan oshish ortiqcha issiqlik, mexanik zo‘riqish va quvvatning kamayishiga olib keladi.
Sozlamalarda zaryad limitini 80 foiz qilib belgilang. Agar uzoq safarga chiqmoqchi bo‘lsangiz, 100 foizgacha faqat yo‘lga chiqishdan oldin zaryadlang. Lekin bu amalni har kuni qo‘llash to‘g‘ri emas.
Quvvat iste’molida eng past chegara qanchalik to‘g‘ri

Ba’zida past quvvat bilan harakatlanish yechim sifatida tuyuladi. Batareya uchun kuchli zarba.
Har bir chuqur quvvatsizlanish batareya kimyoviy tuzilmasiga qayta tiklanmas zarar yetkazadi. Zaryad darajasi 20 foizdan pastlaganda, hujayralar ichida ularning tuzilishini asta-sekin buzadigan jarayonlar boshlanadi.
Shuning uchun oddiy tavsiya: batareyani hech qachon 20 foizdan past tushirmang. Kichik-kichik, tez-tez quvvatlash — «nolga» qadar yurishdan ancha foydaliroqdir.
Issiq yoki sovuqda quvvatlasa bo‘ladimi?

Sizning elektromobilingiz — Marvel qahramoni emas. U +45°va -20° haroratni yoqtirmasligi mumkin.
Sovuqda litiy ionlari juda sekin harakat qiladi. Buning natijasida zaryadlash jarayoni cho‘ziladi. Batareya quvvati kamayadi. Issiqda esa aksincha: ionlar haddan tashqari faol bo‘lib, qarshilik oshadi, hujayralar qiziydi va tezda yemiriladi.
Nima qilish kerak?
- Qishda mashinani quvvatlashdan avval batareyani isitib oling (Tesla va ko‘plab boshqa modellarda bu avtomatik tarzda amalga oshadi);
- Issiq havoda esa mashinani kechqurun yoki soyada zaryadlang;
- Yangi elektromobil olayotgan bo‘lsangiz, suyuq sovitish tizimi bilan jihozlangan modelni tanlang. Bu batareyani issiqlikdan himoya qiladi.
Arzon yoki shikastlangan kabeldan foydalanish

Agar sizning zaryad kabelingiz shikastlangan, egilgan yoki izolyatsiyasi yirtilgan bo‘lsa undan darhol foydalanishni to‘xtating. Elektr izolyatsiya lentalari bilan o‘rash yoki yana bir marta ishlashiga umid qilish umuman to‘g‘ri emas.
Unutmang, siz oddiy lampani emas, yuqori kuchlanishli tizimni ulayapsiz. Sertifikatsiyasiz yoki yoriqlari bor kabel qisqa tutashuvga, yong‘inga yoki jiddiy nosozliklarga olib kelishi mumkin.
Xavfsizlikda tejamang. Sertifikatlangan, sifatli kabel sotib oling. Shunda ham siz, ham batareyangiz tinch bo‘ladi.
Dasturiy yangilanishlarni e’tiborsiz qoldirish
Dasturiy yangilanishlarni e’tiborsiz qoldirish juda yomon fikr.
Sizning elektromobilingiz aslida g‘ildirakli kompyuter. Uning OTA (Over The Air) — ya’ni «havo orqali» o‘rnatiladigan yangilanishlari faqat menyu belgilarini o‘zgartirish uchun xizmat qilmaydi. Ular batareyani himoya qiladi. Zaryadlash darajasini boshqaradi, sovitishni yaxshilaydi, ortiqcha qizishni oldini oladi va energiya tizimidagi xatolarni tuzatadi.
Masalan, Silverado EV modelida birgina dasturiy yangilanish batareyalarni namlikdan saqlab, yuzlab avtomobillarni nosozlikdan qutqargan.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» O‘zbekistonda elektromobilni zaryadlash uchun qancha pul ketishi haqida yozgan edi.