Turkiy davlatlar hamkorligi uchun «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqiladi

Shavkat Mirziyoyev 12-noyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirimni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuvda Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning salomlari va ezgu tilaklari yetkazildi. Muloqotda tashkilot doirasidagi hamkorlikni kengaytirish, ko‘p tomonlama tashabbuslarni muvofiqlashtirish va ilgari surish masalalari muhokama qilindi. Joriy yilda Budapesht va Gabala shaharlarida o‘tgan sammitlarda O‘zbekistonning strategik takliflari alohida e’tiborga olingan.
Mirziyoyev Oqsoqollar kengashining institutsional salohiyatini mustahkamlash va turkiy xalqlarning madaniy merosi hamda milliy an’analari birligini saqlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqishni taklif qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident UNESCOning yangi bosh direktori bilan uchrashgan edi.