Giyohvandlik va narkojinoyatlar uchun jazolar og‘irlashtiriladi

Prezident 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan «Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar» farmonini imzoladi.
Farmonga ko‘ra, ta’lim muassasalarida yoshlar o‘rtasida psixoaktiv moddalar tarqalishining oldini olish va narkomaniyaga nisbatan qat’iy munosabatni shakllantirish choralari amalga oshiriladi. Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar noqonuniy aylanmasiga qarshi jinoiy-huquqiy choralar kuchaytiriladi va yoshlar tomonidan sodir etiladigan narkojinoyatlar uchun javobgarlik og‘irlashtiriladi.
Narkovositalar importi, internet orqali tarqatilishi, noqonuniy laboratoriyalar va narkouyushmalar faoliyati, shuningdek, ularni qo‘llab-quvvatlayotgan mansabdor shaxslar aniqlanib, ularga nisbatan tezkor-qidiruv va tergov ishlari olib boriladi.
Shu bilan birga, giyohvand moddalar tayyorlashda ishlatiladigan prekursorlar aylanmasi ustidan qat’iy davlat nazorati o‘rnatiladi. Tibbiyot muassasalari, farmatsevtika korxonalari va dorixonalar faoliyati raqamli yechimlar orqali tekshiruvlar amalga oshiriladi.
Voyaga yetmaganlar va yoshlar uchun giyohvandlikni aniqlash, davolash va reabilitatsiya tizimi takomillashtiriladi. Narkojinoyatlar uchun yangi jinoiy javobgarlik choralari kiritiladi: narkouyushma tashkil etish, transchegaraviy yoki internet orqali giyohvandlik vositalarini tarqatish, noqonuniy laboratoriya faoliyatini ta’minlash va narkovositalarni jamoat joylarida iste’mol qilishga jalb etish kabi jinoyatlar uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.
Voyaga yetmaganlar va yoshlarni himoya qilish bo‘yicha alohida choralar joriy etildi. Ularni narkojinoyatlardan jalb qilish jinoyat hisoblanadi, ta’lim muassasalari va ularga tutash hududlarda narkovositlarni tarqatish uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Ayrim jinoyatchilar uchun shartli ozod qilish tartibi bekor qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Narkotiklarga qarshi kurash fidoyisi» ko‘krak nishoni ta’sis etilgani haqida xabar bergan edik.