Rossiyada hibsda saqlanayotgan o‘zbekistonlikning harbiy xizmatga jalb etilishi oldi olindi

Rossiyada hibsda saqlanayotgan o‘zbekistonlikning harbiy xizmatga jalb etilishi oldi olindi. Bu haqda O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi bosh konsulxonasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, konsulxonaga fuqaro farzandining Rossiyadagi tergov hibsxonasida saqlanayotgani va aldov yo‘li bilan Rossiya Qurolli kuchlarida xizmat qilish shartnomasini imzolaganini bildirgan.
Holat bo‘yicha u farzandining ruhiy sog‘lig‘ida og‘ir muammolar borligini inobatga olib, mazkur shartnomani bekor qilishda yordam so‘ragan. Bosh konsulxona fuqaroning huquq va erkinliklarini himoya qilish maqsadida Rossiyaning tegishli idoralariga, jumladan, Leningrad viloyatidagi Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga rasmiy so‘rov yuborgan.
Natijada fuqaroning harbiy xizmatga qarshi ekanligi hisobga olinib, u bilan harbiy shartnoma tuzilmagan va tergov jarayonlarini davom ettirish uchun Kolpino shahridagi tergov hibsxonasiga qaytarilgan.
Hozirda ushbu jinoyat ishi doirasidagi tergov jarayonlarida fuqaroning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bosh konsulxona nazoratiga olingan.
Avvalroq Sankt-Peterburgda migrantlarga taqiqdan so‘ng taksi narxlari keskin oshgani xabar qilingandi. Jurnalistlar «Yandeks Taksi» orqali bir xil yo‘nalishlarda safar narxlarini taqqoslaganda, ayrim yo‘nalishlarda farq 3,2 foizdan 32,5 foizgacha bo‘lgan. Masalan, Primorskiy tumaniga borish 761 rubl o‘rniga 1009 rublni tashkil etgan. Bu orada ayrim foydalanuvchilar ilovada Haydovchilar yetarli emas degan ogohlantirish xabarini olishgan.