
Xitoyda Chery Fulwin X3L avtomobili tog‘dagi zinapoya sinovidan o‘ta olmadi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Model tik zinapoyaga ko‘tarila olmay, orqaga sirg‘alib ketgan. Tianmen tog‘idagi ushbu sinov 999 ta zinaga ega bo‘lib, deyarli 300 metr uzunlikka cho‘zilgan. Ba’zi joylarining qiyaligi 60 darajadan oshadi. Zinapoyalari tor, ho‘l va tik bo‘lgani uchun hatto kuchli off-road modellari ham bu yo‘lni deyarli sinab ko‘rmaydi.

Sinov Chery’ning 18-sentabr kuni sotuvga chiqqan Fulwin X3L modeli bilan amalga oshirilgan. Chery rahbariyati 21-sentabrda ushbu yo‘lning murakkabligini alohida ta’kidlab, bunday sinov mashinaning quvvati va boshqaruviga katta talab qo‘yishini aytgandi.

13-noyabr kuni Chery rasmiy bayonot chiqarib, hodisani kutilmagan holat sifatida baholagan. Dastlabki tekshiruvga ko‘ra, maxsus sinov qurilmasidagi xavfsizlik arqoni mahkamlagichi kutilmaganda yechilib ketgan. Shu sabab arqon o‘ng g‘ildirakka o‘ralib, quvvat uzatilishini to‘sib qo‘ygan va mashina orqaga sirg‘alib, panjaraga urilgan. Hodisada hech kim jarohat olmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chery 473 ot kuchiga ega yangi avtomobilini namoyish qilgani haqida yozgan edi.