AQShda bir sentlik penni tangasi ishlab chiqarilishi to‘xtatildi

AQShda 1793-yildan beri zarb etilayotgan penni tangasini ishlab chiqarish to‘xtatildi. So‘nggi partiya Filadelfiya shahridagi Moneta dvorida taqdim qilindi. Tadbirda AQSh g‘aznachisi Brendon Bich uskuna tugmasini bosib, ramziy tarzda jarayonni yakunladi.
Uni ishlab chiqarishni to‘xtatish qarori Donald Tramp ma’muriyatining siyosati bilan bog‘liq. Maqsad naqd pul muomalasini zamonaviy to‘lov usullariga moslashtirishdir. AQShda bunday o‘zgarish oxirgi bor 1857-yilda sodir bo‘lgan.
Bir dona penni ishlab chiqarish tannarxi 3,69 sent bo‘lgan. Amerikaliklar qo‘lida hozir taxminan 300 mlrd dona penni bor. G‘aznachilik ishlab chiqarishdan voz kechish yiliga taxminan $56 mln tejashini kutmoqda.
2024-moliya yilida 5,6 mlrd tanga zarb qilingan. Shundan 3,2 mlrd tasi penni bo‘lgan. Ishlab chiqarish to‘xtatilgan bo‘lsa-da, mavjud penni tangalar qonuniy to‘lov vositasi bo‘lib qoladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Germaniya va AQSh kompaniyalari Suriyada energetikani tiklash uchun 7 milliard dollar ajratilishi haqida yozgan edi.