Nukusda noqonuniy dori savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi

Nukus shahridagi savdo do‘konida qonunga xilof ravishda dori vositalarini sotayotgan shaxslar aniqlanib, qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, departamentning Nukus shahar bo‘limi, Bojxona va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ikki fuqaro YATT «B.X.»ga qarashli do‘konda ruhiyatga kuchli ta’sir qiluvchi «Molecule Plus» dorilarini sotganlikda gumon qilindi.
Ular boshqa fuqaroga olti quti «Molecule Plus»ni 2,3 mln so‘mga sotayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida besh kg.ga yaqin giyohvandlik vositasi musodara qilingan edi.