2026 – 2030-yillarda 151 km yangi temir yo‘l quriladi

eʼlon qilindi
182 km yo‘l elektrlashtiriladi
2026 – 2030-yillarda 151 km yangi temir yo‘l quriladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyevga temir yo‘l tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va kelgusi rejalar haqida ma’lumot berildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

So‘nggi yillarda tarmoqda boshlangan transformatsiya ijobiy natijalar bermoqda. O‘tgan yil ilk bor soha sof foyda bilan yakunlandi, joriy yilning 9 oyida esa foyda 1 trln so‘mdan oshdi.

Prezident xizmatlar sifatini oshirish, xarajatlarni kamaytirish va temir yo‘l tarmog‘ini kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish orqali tannarxni 20 foizgacha kamaytirish imkoniyati qayd etildi.

2026 – 2030-yillarda yo‘lovchi va yuk tashish hajmini ikki barobarga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun 151 km yangi temir yo‘l quriladi, 182 km yo‘l elektrlashtiriladi, 27 ta stansiya va 1 ming km yo‘l modernizatsiya qilinadi.

Yangi yo‘nalishlar orasida «Nurafshon – Pskent – Bekobod – Boyovut – Yangiyer», «Xovos – Dashtobod», «Samarqand – Urgut» kabi yo‘llar bor. Shahar atrofi qatnovlarini faollashtirish uchun 15 ta yangi yo‘nalish ochilishi kutilmoqda.

Shuningdek, «Navoiy – Buxoro» yuqori tezlikdagi yo‘lini ishga tushirish, Xitoydan va Koreyadan zamonaviy lokomotiv hamda elektropoyezdlar xarid qilish, 250 ta yo‘lovchi vagoni va 10 mingta yuk vagonini ishlab chiqish rejalari bayon etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorligining asosiy tamoyillarini belgilab bergan edi.

Shuningdek