Markaziy Osiyo Yevrosiyoning asosiy logistika markazlaridan biriga aylanishi mumkin

12-noyabr kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari transport vazirlarining uchinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston va Ozarbayjon vakillari ishtirok etdi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi.
Uchrashuvda global geosiyosiy beqarorlik, transport-logistika zanjirlarining uzilishi va oziq-ovqat xavfsizligi muammolari fonida hamkorlikning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Ishtirokchilar yangi hamkorlik yo‘llari va mexanizmlarini izlash zarurligini qayd etdilar.

Tadbirda O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Maxkamov Markaziy Osiyo transport integratsiyasining 2035-yilgacha bo‘lgan strategik yo‘nalishlarini belgilovchi «CATRANS – 2035» loyihasini taqdim etdi. Hujjat loyihasi infratuzilmani modernizatsiya qilish, raqamli transformatsiya va institutsional muvofiqlashtirishni o‘z ichiga oladi.
Strategiyani amalga oshirish natijasida mintaqada yagona, samarali, raqamli va ekologik transport makoni yaratilishi, Markaziy Osiyo Yevrosiyoning asosiy logistika markazlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar Toshkent kommyunikesini imzoladilar va transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 – 2030-yillarda 151 km yangi temir yo‘l qurilishi haqida xabar bergan edik.