
Chery Exeed brendi Xitoy bozorida Chery Exlantix ET5 avtomobili uchun oldindan buyurtmalarni ochdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Modelning boshlang‘ich narxi 159 900 yuan, ya’ni taxminan $22,5 ming. U 205 km sof elektr yurish masofasini taklif qiladi.
ET5 ikki xil versiyada taqdim etildi. Krossoverning uzunligi 4 780 mm, eni 1 890 mm, balandligi 1 725 mm, g‘ildirak bazasi esa 2 800 mm. Old qismdagi uch chiziqli faralar va EXEED yozuvi modelga o‘ziga xos ko‘rinish beradi. Orqa qism to‘liq LED chiziqli fara bilan yakunlanadi.

Salonda minimalizm va texnologiya uyg‘unlashgan. Haydovchi uchun 10,25 dyuymli panel, markazda 15,6 dyuymli displey va old yo‘lovchi uchun 12,3 dyuymli ekran joylashgan. Barchasi sensorli boshqaruvga ega. Qualcomm Snapdragon 8255 chipi tizimning tezkor ishlashini ta’minlaydi. Ikki xil salon rangi, simsiz quvvatlash, panorama lyuk va boshqa ko‘plab qulayliklar mavjud.
ET5’ning elektr motor quvvati 195 kW bo‘lib, 324 N·m aylanish momentini beradi. 0 – 100 km/soat tezlanish 7,8 soniyada. Model yangi 2026-yilgi Xitoy batareya xavfsizligi standartlariga mos keladi: 41 ta sinovdan o‘tgan, jumladan 200 kN bosim sinovi va 105 soniyalik ichki yong‘in sinovi. Yuqori kuchlanish zanjiri 2 millisekundda uziladi.

Aqlli haydash tizimi 560 TOPS quvvatga ega Horizon Robotics Journey 6P platformasiga asoslangan. 1 ta LiDAR, 3 ta radar va 12 ta ultratovushli sensor yordamida avtomobil magistral va shahar bo‘ylab NEP funksiyalarini qo‘llaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chery Fulwin X3L avtomobili tog‘dagi zinapoya sinovidan o‘ta olmagani haqida yozgan edi.