O‘zbekiston BP bilan Ustyurt platosida neft qazib olish bo‘yicha muzokara boshladi

eʼlon qilindi
Hozirda Toshkent transmilliy kompaniyaning loyiha doirasidagi ishtiroki bo‘yicha dastlabki muzokaralar olib bormoqda
BP
Foto: Gas and Money

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning aytishicha, Ustyurt platosidagi neft-gaz loyihasiga xalqaro kompaniya BP qiziqish bildirgan. Bu haqda u «Report» agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Hozirda Toshkent transmilliy kompaniyaning loyiha doirasidagi ishtiroki bo‘yicha dastlabki muzokaralar olib bormoqda. Jarayonda «O‘zbekneftgaz» va Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi ham qatnashmoqda.

Loyiha birinchi bosqichda seysmik tadqiqotlar, burg‘ilash ishlari va dastlabki natijalarni olishni o‘z ichiga oladi. Mirzamahmudovning ta’kidlashicha, SOCAR mutaxassislari neft bo‘yicha yaxshi ko‘rsatkichlarni prognoz qilmoqda.

«Taxminlar tasdiqlansa, biz shu bilan birga neftni qayta ishlash zavodi qurilishini ham boshlaymiz», deya qayd etgan energetika vaziri.

2025-yil oktabr boshiga kelib, O‘zbekistonda neft qazib olish 490,1 ming tonnani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilda 542,2 ming tonna, 2023-yilda esa 585,1 ming tonna bo‘lgan.

1909-yilda Anglo-Persian Oil Company nomi bilan tashkil etilgan BP bugun dunyodagi eng yirik energetika korporatsiyalaridan biridir. Kompaniya neft va gaz qazib olish, qayta ishlash hamda past uglerodli energetika yo‘nalishida loyihalar yuritadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri «O‘zbekneftgaz» BAAda xalqaro sho‘ba kompaniyasini tashkil etgani haqida yozgan edi.

Shuningdek