Janubiy Koreyada universitet imtihoni o‘tkazilishi sababli parvozlar vaqtincha to‘xtatildi

eʼlon qilindi
Parvozlarning vaqtinchalik to‘xtatilishi 140 ta reysga ta’sir qildi
Foto: CNN

Janubiy Koreyada universitet imtihoni o‘tkazilishi sababli barcha ichki va xalqaro parvozlar soat 13:05 dan 13:40 gacha to‘xtatildi. Bu haqda CNN xabar bermoqda. 13-noyabr kuni 554 ming abituriyent oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun imtihon topshirdi.

Nomzodlar soni so‘nggi yetti yildagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. Abituriyentlarning aksariyati 2007-yilda tug‘ilgan bo‘lib, o‘sha yili tug‘ilish ko‘rsatkichi keskin oshgan edi. Parvozlarning vaqtinchalik to‘xtatilishi 140 ta, jumladan, 65 ta xalqaro yo‘nalishga ta’sir qilgan. Belgilangan vaqt oralig‘ida samolyotlarga 3000 metr balandlikdan yuqoriga ko‘tarilmaslik buyurilgan.

Moliyaviy bozorlar va ofislar ham imtihon sababli bir soat kechroq ish boshladi. Universitet imtihonlari Janubiy Koreyaning keskin raqobatli ta’lim tizimida eng muhim bosqichlardan biri hisoblanadi.

«Bu imtihon qariyb 20 yillik mehnatimizning natijasi va yangi boshlanish», – deya fikr bildirdi abituriyentlardan birining onasi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yili mamlakatda tug‘ilish ko‘rsatkichi 0,75 ga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, Janubiy Koreya aholisi eng tez qarib borayotgan davlatlar qatorida qolmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Janubiy Koreya o‘zbekistonlik elektriklarni ishga taklif qilayotgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek