Yil boshidan beri O‘zbekistonda 10 mingga yaqin noqonuniy chiqindi tashlash holati aniqlandi

2025-yilning yanvar oyidan noyabrigacha O‘zbekistonda chiqindilarni belgilangan joyga tashlamaslik bilan bog‘liq 9,8 ming huquqbuzarlik qayd etildi. Bu holatlar Ekologiya vazirligi tomonidan o‘rnatilgan onlayn IP-kameralarga yozib olingan.
Qayd etilgan huquqbuzarliklardan 3,7 mingtasida chiqindi transport vositalaridan tashlangan. Vazirlikka ko‘ra, 2,2 ming holat bo‘yicha jami 956,9 mln so‘m miqdorida jarimalar belgilandi. Qolgan 7,6 ming holat bo‘yicha chora ko‘rilmoqda.



Eng ko‘p huquqbuzarliklar Andijon (3 ming), Namangan (3 ming) va Farg‘ona (1,6 ming) viloyatlarida sodir bo‘lgan. Eng kam holat esa Jizzax (16 ta) va Buxoro (2 ta) viloyatlarida qayd etilgan.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev ekologiya va atrof-muhitni muhofaza etish ishlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani xabar qilingandi. Unda ekologik nazoratni kuchaytirish, qoidabuzarliklarga tezkor chora ko‘rish, jamoatchilik ishtirokini oshirish va sanoat hamda shaharlarda yashil hududlarni saqlash choralari muhokama qilindi.