15-noyabrdan Toshkent shahri va viloyatini bog‘laydigan yangi avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Joriy yilning 15-noyabridan boshlab 194-sonli yangi avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi xabar berdi.
Avtobuslar Toshkent shahri Janubiy vokzalidan Toshkent viloyati Niyozboshi mahallasigacha yetib boradi. Yo‘nalishda Mercedes-Benz LF avtobuslari harakatlanadi.

Ish kunlari soat 05:30 dan 23:10 gacha, shanba kunlari 05:30 dan 22:25 gacha, yakshanba kunlari esa 06:07 dan 22:02 gacha qatnov amalga oshiriladi. Avtobuslar soni ish kunlari 11, shanba 10 va yakshanba to‘qqiztaga teng bo‘ladi.
Boshqarma xabariga ko‘ra, mazkur chora-tadbirlar tirbandlikni kamaytirish va Toshkent viloyatining yondosh hududlarini poytaxt bilan bog‘lash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Avvalroq Toshkent shahar va viloyatini bog‘laydigan 134-sonli avtobus yo‘nalishi o‘zgartirilgani xabar qilingandi. Avval bu yo‘nalish Nazarbek qishlog‘idan Janubiy vokzal bekatigacha harakatlangan. Endilikda avtobuslar Bog‘ishamol mahallasi – Chilonzor metrosi yo‘nalishida qatnaydi.