Surxondaryodagi 38,5 mlrd so‘mlik davlat xaridida qonunbuzilish holati aniqlandi

Surxondaryoda 38,5 milliard so‘mlik davlat xaridida jiddiy qonunbuzilish holati aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, SurxondaryoQurilishInvest buyurtmasi asosida e’lon qilingan tenderda bir kompaniya asossiz ravishda jarayondan chetlashtirilgan.
Boysun tumanidagi «Hongaronsoy» sel-suv omboridan nasos stansiyasi va suv quvurlarini qurish loyihasi bo‘yicha tenderda bitta MChJ 36,5 mlrd so‘mlik taklif bilan g‘olib, boshqa korxona esa 38,5 mlrd so‘mlik taklif bilan zaxira g‘olib deb topilgan.
Tekshiruvda ma’lum bo‘lishicha, yana bir ishtirokchi – MChJning soliq hisob varag‘iga noqonuniy ravishda «soliq qarzdorligi bor» degan soxta ma’lumot kiritilgan. Shu sababli kompaniya «Shaffof qurilish» platformasida tenderdan asossiz chiqarib tashlangan.
Agentlik aralashuvi natijasida mazkur xarid bekor qilindi. Holat bo‘yicha huquqni muhofaza etish organlari hozirda huquqiy baho bermoqda.
Avvalroq 9,1 milliard so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlangani xabar qilingandi. Raqobat qo‘mitasiga ko‘ra, qonunbuzarliklarning eng katta qismi Toshkent shahrida qayd etilgan.