Toshkent viloyatida «Yagona buyurtmachi xizmati» bosh yuriskonsulti pora bilan qo‘lga tushdi

eʼlon qilindi
U qurilish korxonasidagi tekshiruv natijasini «ijobiy hal qilib berish»ni va’da qilgan
Toshkent viloyatida «Yagona buyurtmachi xizmati» bosh yuriskonsulti pora bilan qo‘lga tushdi
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati

Toshkent viloyatida «Yagona buyurtmachi xizmati» davlat muassasasi bosh yuriskonsulti pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar berdi.

Unga ko‘ra, viloyatning Bekobod tumanida yangi qurilgan bog‘cha binosi bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvda 176 million so‘mlik kamomad aniqlangach, qurilish bilan shug‘ullangan MChJ mas’ullariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jarayondan xabardor bo‘lgan «Yagona buyurtmachi xizmati» davlat muassasasining bosh yuriskonsulti tekshiruv natijasini «ijobiy hal qilib berish» evaziga MChJ rahbaridan $8,4 ming talab qilgan.

DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u pulni olayotganida qo‘lga olingan. Holat yuzasidan yuriskonsultga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Avvalroq Sirdaryo, Andijon va Samarqandda bir qator mas’ullar pora olayotganida qo‘lga tushgani xabar qilingandi.

Shuningdek