Belgiya O‘zbekistonda elchixona ochadi

Belgiya Markaziy Osiyoda diplomatik faoliyatini kengaytirish va ilk bor Toshkentda elchixonani ochish rejasini e’lon qildi. Bu haqda Belgiya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Markaziy Osiyo strategik jihatdan muhim mintaqa sifatida qaralmoqda. U allaqachon qator davlatlarning faol investitsiyalarini jalb qilishga ulgurdi. Belgiya esa global tendensiyalardan ortda qolmagan holda mintaqadagi diplomatik ishtirokini mustahkamlamoqchi.
Belgiya yangi diplomatik vakolatxonalarni Toshkentdan tashqari yana Tiranada (Albaniya), Vindxukda (Namibiya) va Maskatda (Oman) ochadi. Shuningdek, Addis-Abebada joylashadigan Afrika Ittifoqidagi doimiy vakilini ham tayinlaydi.
Shu bilan birga, mamlakat Sarayevo, Konakri, Bamako va Kuvaytdagi elchixonalar, Mozambikdagi diplomatik ofis, Gavana, Rio-de-Janeyro va Guanchjoudagi konsulliklarni yopishga qaror qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Iroqdagi elchisi prezidentga ishonch yorliqlarini topshirgani haqida xabar qilgan edik.