Oziq-ovqat mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish tartibi yangilandi

Hukumat tomonidan tasdiqlangan yangi tartibga ko‘ra, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga beriladigan sanitariya-epidemiologik xulosa 3 yil muddat bilan rasmiylashtiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Reglamentga ko‘ra, chetdan olib kirilayotgan mahsulotlar uchun xulosa ularning yaroqlilik muddatiga qarab beriladi. Agar mahsulotning amal qilish muddati ko‘rsatilmagan bo‘lsa, xulosa muddat belgilanmasdan rasmiylashtiriladi.
Sanitariya-epidemiologik xulosa olish bir qator holatlarda majburiy hisoblanadi. Yangi mahsulot ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilganda, mavjud mahsulot tarkibi o‘zgartirilganda, texnologik jarayon yoki ishlab chiqarish konstruksiyalarida o‘zgarishlar bo‘lganda, tajriba tariqasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarga, shuningdek, respublika hududiga olib kiriladigan barcha oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga.
Shuningdek, ilgari berilgan xulosaning amal qilish muddati tugaganida ham yangisini olish talab etiladi. Davlat xizmati arizachilarga ikki yo‘l bilan ko‘rsatiladi. Davlat xizmatlari markazlari orqali yoki my.gov.uz platformasi yordamida.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sirdaryodagi 398 ta xususiy bog‘chada sanitariya talablari buzilganligi haqida xabar bergan edi.