Tesla Optimus uchun superinson darajasidagi yangi qo‘l ishlab chiqmoqda

Ilon Mask Tesla’ning odamsimon roboti Optimus uchun keyingi avlod qo‘li haqida batafsil ma’lumot berdi. Bu haqda Humanoids Daily nashri xabar berdi.
Uning aytishicha, yangi qo‘l versiyasi mexanik murakkablik bo‘yicha hozirgi modeldan keskin farq qiladi — konstruksiyada qariyb 50 ta aktuator (harakatlantiruvchi mexanizm) bo‘ladi. Maskning ta’kidlashicha, robotga nozik va yuqori aniqlik talab qilinadigan vazifalarni bajarish imkonini beradi.
O‘zgarish miqyosi katta, ya’ni, 2025-yilda namoyish etilgan «V2.5» prototipi atigi 17 ta aktuatorga ega edi, ular hammasi bilak qismiga joylashtirilgan edi. Ba’zi ekspertlar Tesla avvalgi taqdimotlarda aynan eskirgan modelni ko‘rsatganini, zamonaviy yechimlarni esa raqobatchilardan yashirgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Yangi Optimus V3 prototipi 2026-yilning birinchi choragida taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Aktuatorlar sonining uch baravar oshishi ishlab chiqarish murakkabligini sezilarli darajada kuchaytiradi. Mask avval ham Optimus dasturining eng katta muammosi — massaviy ishlab chiqarish uchun yetarli butlovchi qismlar zanjiri yo‘qligi ekanini tan olgan.
Tesla oldida muhandislikdan tashqari yana katta vazifa turibdi, kompaniya Fremont zavodida millionlab robotlar ishlab chiqarishni va bir dona Optimus narxini $20 mingdan oshirmaslikni maqsad qilgan.
Mask ushbu izohlarni 14-noyabr kuni sarmoyador Ron Baron bilan suhbatda aytdi. U Optimus loyihasini Tesla’ning yangilangan missiyasi barqaror farovonlik yaratish bilan bog‘ladi va robotning kelajakda tibbiyot sohasida qo‘llanishi mumkinligini ta’kidladi.
Maskning aytishicha, yangi avlod Optimus robotlari odam ham bajara olmaydigan aniqlikdagi jarrohlik amaliyotlarini bajarishga qodir bo‘ladi:
«Optimusning aniqligi insonnikidan ham yuqori bo‘ladi. U murakkab tibbiy protseduralarni bajarishi mumkin… ehtimol hatto insonning o‘zi ham uddalay olmaydigan darajada», — dedi Mask.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tesla asoschisi Ilon Mask odamsimon Optimus robotlari kelajakda qashshoqlikni butkul yo‘q qilishga qodir bo‘lishi haqida fikr bildirganini yozgandi.