
Apple o‘zining navbatdagi ultrayupqa smartfoni iPhone Air 2’ni 2027-yil bahorida chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Gizmochina nashri xabar berdi.
Kompaniyaning keyingi avlod qurilmasi Apple’ning birinchi 2-nanometrli protsessori bilan jihozlanadi. Bu texnologiya smartfonning energiya samaradorligini oshirishi, quvvat zaryadi uzoqroq yetishini ta’minlashi va umumiy ishlashini yaxshilashi kutilmoqda.
Avvalroq iPhone Air birinchi avlodining sust savdo ko‘rsatkichlari tufayli yangi model noma’lum muddatga kechiktirilgani aytilgan edi. Keyinchalik bu ma’lumot aniqlashtirilib, kechikish atigi olti oy bo‘lgani, reliz sanasi kuzgi taqdimotdan 2027-yil bahoriga surilgani bildirilgan.
Dizayn jihatidan iPhone Air 2’da keskin o‘zgarish bo‘lishi kutilmaydi. Apple kichik funksional yangilanishlarni kiritadi va asosiy e’tiborni batareya ishlash muddatini uzaytirishga qaratadi. Shuningdek, kompaniya qurilmaga ikkinchi asosiy kamera — ultra-keng burchakli sensor qo‘shish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iPhone Air sotuvi past bo‘lgani bois Apple Air 2 rejasini to‘xtatgani haqida yozgandi.