Amerikaning Chevron kompaniyasi «Lukoyl» aktivlariga qiziqish bildirdi

eʼlon qilindi
«Lukoyl» portfeli kamida $20 milliardga baholanmoqda
Foto: Reuters

AQShning yirik neft kompaniyasi Chevron sanksiya ostidagi Rossiya neft gigantlaridan biri «Lukoyl»ning xorijdagi aktivlarini xarid qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, AQSh Moliya vazirligi o‘tgan hafta potensial xaridorlarga «Lukoyl» bilan xorijiy aktivlar haqida muzokara qilishga ruxsat bergach, Chevron ham aktivlar uchun kurashga qo‘shilgan. «Lukoyl» portfeli kamida $20 milliardga baholanmoqda. Shuningdek, Carlyle kabi yirik investitsiya kompaniyalari ham aktivlarga qiziqish bildirgan.

Sanksiyalar fonidagi qiziqish

AQSh o‘tgan oy Rossiyaning ikki yirik neft kompaniyasi – «Lukoyl» va «Rosneft»ga nisbatan keskin sanksiyalar joriy qilgan edi. Bu choralar AQSh prezidentining Moskva va Kiyev o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarini jadallashtirishga qaratilgan.

Shuningdek, Chevron «Lukoyl»ning butun portfelini emas, balki faqat o‘z faoliyati bilan kesishadigan loyihalarini sotib olishga qiziqmoqda. Kompaniya bu haqda rasmiy izoh bermadi.

«Lukoyl» dunyo bo‘yicha umumiy neft qazib olishning 2 foizini ta’minlaydi. Uning xalqaro aktivlari esa global ishlab chiqarishning 0,5 foiziga teng bo‘lib, 2024-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, ularning qiymati $22 milliard atrofida.

Qaysi aktivlar savdoga qo‘yilmoqda?

«Lukoyl»ning sotuvga qo‘yilayotgan aktivlari tarkibida:

  • Yevropadagi uchta neftni qayta ishlash zavodi,
  • Qozog‘iston, O‘zbekiston, Iroq, Meksika, Gana, Misr va Nigeriyadagi neft loyihalari,
  • Dunyo bo‘ylab yuzlab AYOQShlar, jumladan, AQShdagi shoxobchalar mavjud.

Shuningdek, «Lukoyl» Qozog‘istondagi Qarachaganak konida 13,5% ulushga, Tengiz konida 5% ulushga ega.

Bu loyihalarda Chevron, Exxon Mobil, Eni, Shell kabi gigantlar ham ishtirok etadi. Mazkur konlar CPC neft quvurining asosiy ta’minotchisi bo‘lib, u dunyo bozoriga kuniga 1,6 million barrel neft yetkazib beradi.

Nigeriyada esa Chevron boshqaradigan OML-140 offshor litsenziyasida «Lukoyl»ning ulushi bor.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Lukoyl» xorijdagi aktivlari bo‘yicha bir nechta xaridorlar bilan muzokara olib borayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek