Sud qarorlarining kuchga kirish muddati 30 kundan 10 kunga qisqartirilishi mumkin

Sud qarorlarining kuchga kirish muddati 30 kundan 10 kunga qisqartirilishi mumkin. Bu haqdagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqildi.
Loyihaga ko‘ra, Fuqarolik va Iqtisodiy protsessual kodekslariga soddalashtirilgan tartibda ko‘riladigan sud ishlarining bahosini oshirish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritiladi. Amaldagi tartibda quyidagi miqdordagi da’volar soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqiladi:
- jismoniy shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 5 baravari (2 mln so‘m),
- yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT)ga 10 baravari (4,1 mln so‘m),
- yuridik shaxslarga 20 baravari (8,2 mln so‘m).
Yangi loyihaga muvofiq esa bu chegaralar ancha kengaytirilmoqda:
- fuqarolik nizolarida jismoniy shaxslar uchun — BHMning 50 baravari (20,6 mln so‘m),
- YATTlar uchun — 100 baravari (41,2 mln so‘m),
- yuridik shaxslar uchun — 150 baravari (61,8 mln so‘m);
- iqtisodiy nizolarda YATTlar uchun — BHMning 100 baravari (41,2 mln so‘m),
- yuridik shaxslar uchun — 150 baravari etib belgilanmoqda (61,8 mln so‘m).
Bu miqdorlarning oshirilishi ko‘plab fuqarolik va iqtisodiy nizolarni sudda soddalashtirilgan, tezkor tartibda ko‘rib chiqishga imkon beradi.
Majlisda ta’kidlanishicha, mazkur o‘zgarishlar qabul qilinsa, sud tizimidagi yuklama kamayadi, iqtisodiy nizolar tezroq hal etiladi. Shuningdek, banklar balansidagi muammoli aktivlar qisqaradi va tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy barqarorligi oshadi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda ma’qullandi.
Avvalroq Wizz Air’ni sudga bergan o‘zbekistonlik yigit 120 ming yevro kompensatsiyani rad etgani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, Suhrob Ubaydullayev Wizz Air’ni diskriminatsiyada ayblab Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa Ittifoqi sudiga shikoyat qilgan. Aviakompaniya esa unga 120 ming yevro tovon puli taklif qildi, biroq u bu taklifni rad etdi.