Maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalarini sud da’volarida davlat bojidan ozod qilish taklif etilmoqda

Maxsus iqtisodiy va sanoat zonalar direksiyalarini sud da’volarida davlat bojidan ozod qilish taklif etilmoqda. Bu haqdagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqildi.
Majlisda xo‘jalik yurituvchi subyektlar majburiyatlarni bajarmasligi va yerdan samarasiz yoki noqonuniy foydalanish holatlari hamon mavjudligi qayd etildi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari direksiyalari bu haqda sudga da’vo arizasi kiritganda davlat bojini to‘lashga majbur.
Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari direksiyalari investitsiya bitimi bo‘yicha majburiyatlarni bajarmagan tadbirkorlarning yer uchastkalaridan foydalanish huquqini bekor qilish bo‘yicha sudga da’vo arizalarini topshirishda davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.
Deputatlar mazkur qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi. Yangi o‘zgartirishlar yerdan oqilona va samarali foydalanishni rag‘batlantirishi kutilmoqda.
Avvalroq sud qarorlarining kuchga kirish muddati 30 kundan 10 kunga qisqartirilishi mumkinligi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, Fuqarolik va Iqtisodiy protsessual kodekslariga soddalashtirilgan tartibda ko‘riladigan sud ishlarining bahosini oshirish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritiladi.