GEFning VIII Assambleyasi Samarqandda o‘tkaziladi

2026-yil 30-maydan 6-iyunga qadar Samarqand shahri Global ekologik fond (GEF)ning VIII Assambleyasiga mezbonlik qiladi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, kelishuv BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi – CoP30 doirasida Braziliyaning Belem shahrida imzolandi. GEF bosh direktori Karlos Manuel Rodriges Assambleya 2030-yilga qadar belgilangan global ekologik maqsadlarni amalga oshirishda hal qiluvchi rol o‘ynashini ta’kidladi.
«Qadimiy va navqiron Samarqandda butun dunyodan keladigan mehmonlarni kutib olish biz uchun sharafdir. Ishonamizki, GEF Assambleyasi sayyoramiz kelajagi uchun hamkorlik, birdamlik va umumiy mas’uliyat ramziga aylanadi”, – deydi Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov.
Tadbirda 186 a’zo mamlakat vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, biznes yetakchilari, fuqarolik jamiyati faollari, mahalliy jamoatchilik, xotin-qizlar va yoshlar bir joyga jamlanadi. Unda bioxilma-xillikni saqlash, yerlarni tiklash, kimyoviy ifloslanishni kamaytirish va iqlimga chidamlilikni mustahkamlash bo‘yicha strategiyalar muhokama qilinadi. Asosiy e’tibor iqtisodiy tizimlarni transformatsiya qilib barqaror natijalarga erishishga qaratiladi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston 1995-yildan buyon GEFga a’zo bo‘lib, milliy va mintaqaviy grantlar orqali ekologik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Bu orqali landshaftlarni asrash, ozon qatlamini himoya qilish, past uglerodli transport tizimlarini rivojlantirish va ekologik muammolarni hal qilish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, Markaziy Osiyo transchegaraviy bioxilma-xillik loyihasi va Orolbo‘yi dasturlari orqali iqlimga moslashuv va ekotizimlarni boshqarish ham kuchaytirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq vazir O‘zbekiston 2035-yilga qadar issiqxona gazlarini 50% ga kamaytirishi haqida bayonot bergan edi.