2025/2026-yilgi mavsumda 10 million tonna ko‘mir ishlab chiqariladi

Shavkat Mirziyoyev ko‘mir qazib chiqarishda erishilgan natijalar va kelgusi vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Kuz-qish mavsumida aholi, ijtimoiy soha muassasalari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida ko‘mir sanoatida yangi loyihalar amalga oshirilmoqda, ishlab chiqarish quvvatlari va hajmlari oshirilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2024/2025-yillar mavsumida qariyb 8,7 mln tonna ko‘mir qazib olindi. 2025/2026-yillar mavsumida esa 10 mln tonna ko‘mir ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Buning uchun «O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik jamiyati korxonalarining moddiy-texnik bazasi kuchaytirildi, deyiladi taqdimotda.
Prezident aholini ko‘mir bilan kafolatli ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Korxonalarni modernizatsiya qilish, yangi quvvatlarni ishga tushirish, bozor tamoyillari va raqobatni rivojlantirish, mahsulot tannarxini kamaytirish muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, uran yo‘nalishidagi yangi investitsiya loyihalarini jadallashtirish, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev tashqi mehnat migratsiyasi tizimi bo‘yicha axborot bilan tanishgan edi.