
Huawei 25-noyabr kuni Huawei Mate 80 seriyasi va Huawei Mate X7 bukiluvchi smartfonining namoyish etilishini ma’lum qildi. Bu haqda IThome xabar bermoqda.
Tadbir oldidan kompaniya smartfon haqidagi muhim texnik ma’lumotlar va imkoniyatlarni oshkor qildi. Mate X7 kamida to‘rtta rangda — binafsha, oq, moviy-yashil va qizil ranglarda taqdim etiladi. Huawei tarqatgan yangi tezer videoda qurilmaning mustahkamligi, zarbaga chidamliligi hamda suvdan himoyasi namoyish etilgan.

Huawei qurilmada qo‘llangan yangi arxitektura (ultra ishonchli bukiluvchi konstruktsiya) haqida ham ma’lumot berdi. Mate X7 brend tarixida IP58 va IP59 darajadagi himoya olgan birinchi bukiluvchi flagman bo‘ladi.
Rasmiy videodagi izohga ko‘ra, Mate X7 Collector’s Edition versiyasi tashqi ekran uchun ikkinchi avlod bazalt bilan mustahkamlangan shisha bilan jihozlanadi. Bu qurilmaning tirnalish va zarbaga chidamliligini yanada oshiradi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Mate X7 yangi Kirin 9030 chipseti asosida ishlaydi. U 12 GB, 16 GB va hattoki 20 GB operativ xotiraga ega variantlarda taqdim etilishi kutilmoqda. Ichki xotira hajmi esa 1 TBgacha yetadi. Asosiy kamera tizimi uchta moduldan iborat bo‘lib, ulardan biri periskop telefoto obyektiv bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan HONOR 500 smartfoni qanday kamera bilan taqdim etilishi haqida yozgan edi.